Закотнинг инсоний ва ижтимоий аҳамияти
Posted on / by admin / in Uncategorized

Zakotning insoniy va ijtimoiy ahamiyati

Islom dinining ustunlaridan biri hisoblangan zakot Allohning o‘z bandalari uchun farz qilgan amallaridan. Zakot shaxsiy ehson yoki ixtiyoriy sahovat emas, balki boylar uchun Alloh tomondan belgilangan majburiy moliyaviy ibodatdir.

Shu qisqagina maqolamizda biz zakotning ikki asosiy jihati haqida to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Ularning birinchisi bevosita zakot beruvchi va oluvchiga tegishli bo‘lsa, ikkinchisi, uning beqiyos umuminsoniy, ijtimoiy va iqtisodiy darajadagi ahamiyatiga aloqador.

Zakotning insoniy va ijtimoiy ahamiyati

Zakotning insonlar orasidagi ahamiyati

Zakotning o‘ta muhim va alohida ahamiyatga ega darajadagi masala ekanligini uning Qurʼoni Karimda asosan islomning ikkinchi ustuni bo‘lgan namoz bilan birga kelganidan (eslatilganligidan) ham bilishimiz mumkin.

Zakot berish uni beruvchisining qalbini xudbinlik va boylikka xirs qo‘yish illatlaridan tozalashi barobarida, undagi marhamat va kambag‘allarga bo‘lgan xayrixohlik hissini kuchaytiradi. Shu bilan birga, zakot beruvchi o‘ziga farz qilingan ibodatni bajarish orqali o‘zining mol-mulkini talofatlardan, o‘z qalbi va jismini oxirat azobidan himoya qilgan bo‘ladi.

Zakot uning oluvchisi qalbida zakot beruvchiga nisbatan hasad va g‘arazdan tozalaydi, jamiyatda o‘zaro hurmat-ehtirom va birodarlik munosabatlarini mustahkamlaydi.

Zakotning insoniy va ijtimoiy ahamiyati

Tarixdan maʼlumki, har qanday jamiyatda boylikning adolatli taqsimlanishi uning ijtimoiy barqarorligi, iqtisodiy rivoji va kishilarning o‘rtasidagi yuksak mehr-oqibatning garovi bo‘lib kelgan.

Barcha tartiblashtirilgan iqtisodiy tizimlar orasida eng qadimiysi bo‘lgan islom iqtisodiy tizimi butkul qashshoqlikni tugatish va barcha kishilarning asosiy ehtiyojlari qondiriladigan iqtisodiy jamiyat yaratish tarafdoridir. Zakot esa mazkur maqsadni amalga oshirish uchun Alloh taolo tomonidan berilgan nodir bir tizimdir. Quyida esa zakotning ahamiyati va jamiyatga foydali bo‘lgan jihatlarini sanab o‘tamiz.

• Ijtimoiy uyg‘unlik va adolat. Zakot kambag‘allar va boylar o‘rtasidagi ko‘prikdir. Zamonaviy iqtisodiyotda boylik bir necha kishi qo‘lida to‘planadi, kambag‘allarning moddiy ahvoli esa yomonlashib boraveradi. Zakotning maqsadlaridan biri ana shunday ijtimoiy tengsizlikka yo‘l qo‘ymaslikdir.

• Ijtimoiy himoya. Zakot ijtimoiy himoya vositasidir. Bugun qo‘lida yetarlicha mablag‘i borlar muhtojlarga yordam beradi. Agar ertaga vaziyat o‘zgarib, o‘sha odamlarning o‘ziga moliyaviy yordam zarur bo‘lib qolsa, ular kun ko‘rish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni boshqalardan olishi mumkin.

• Mol-mulk to‘plovchilarga qarshi eng yaxshi taʼsir vositasi. Zakot pul mablag‘lari va to‘plangan mol-mulkdan olinadi, shu sababli, har yili zakot beradigan kishi mol-mulkini sarmoya sifatida biror bir tijorat/tadbirkorlik faoliyati orqali ko‘paytirishga harakat qiladi, yaʼni zakot to‘lovchi mol-mulki yildan yilga kamayib boraveramasligi uchun uni ko‘paytirishga intiladi. Uning moli ko‘paygan sari u ko‘proq zakot to‘laydi, bu bilan bo‘ynidagi farzni bajaradi va jamiyatga foydasi tegadi. Mana endi zakot so‘zining “o‘sish” degan lug‘aviy maʼnosi yaqqol ko‘rindi.

• Boyliklarning jamiyatda aylanishi. Zakot sababli boylik bir joyda to‘planmay, aylanma mablag‘ ko‘rinishida butun jamiyatga foyda keltiradi. Zakot qashshoqlikning kamayishiga sezilarli darajada taʼsir qiladi. Agar zakot tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, jamiyatda kambag‘allikka to‘liq barham berilishi mumkin.

• Insoniy birodarlik. Zakot kishilar orasidagi oqibatni va ular orasidagi birodarlik ruhini kuchaytiradi.

• O‘z vazifasini bajarish va o‘zini xurmat qilish. Zakot boylar uchun majburiy amaldir. Bu ularning kambag‘allarga nisbatan sahovatpeshaligini anglatmaydi, balki ular Alloh tomonidan farz qilingan vazifani bajarish orqali o‘zlarini oxiratda Allohning g‘azabiga duchor bo‘lishdan saqlashga xarakat qilishlarini bildiradi.

• Tilanchilikka barham berish. Agar zakot berishga qodir har bir kishi o‘z vazifasini ado etsa, jamiyatda kambag‘al yoki muhtoj kishilar tilanchilik qilishgacha bormaydilar. Islom dini boylarning muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zishlarini shart qilishi barobarida kambag‘allarni tilanchilik qilishdan qaytargan.

• Tinchlik va taraqqiyot. Zakot jamiyatning turli qatlamlari o‘rtasida moliyaviy muvozanatni taʼminlashi orqali, ijtimoiy adolatni taʼminlaydi. Buning natijasida jinoyatchilik darajasi ham pasayadi. Shu tarzda butun jamiyat hamjihatlikda taraqqiyotga intiladi, rivojlanadi. Moddiy boyliklarning adolatli taqsimlanishi ishsizlik darajasini pasaytiradi va iqtisodiy inqirozlarning oldini oladi.

Agar zakot berishga qodir kishilar o‘zlariga farz qilingan bu amalni chin dildan va to‘laqonli ado etsalar, davlatning ijtimoiy dasturlari bilan bir qatorda, zakot butun bir jamiyatni iqtisodiy, ijtimoiy va maʼnaviy holatini ijobiy tomonga o‘zgartira oladigan vositadir.

Tavba surasi, 103-oyat:

خُذْ مِنْ أَمْوَالِهِمْ صَدَقَةً تُطَهِّرُهُمْ وَتُزَكِّيهِم بِهَا وَصَلِّ عَلَيْهِمْ إِنَّ صَلَاتَكَ سَكَنٌ لَّهُمْ وَاللَّهُ سَمِيعٌ عَلِيمٌ

(Ey Muhammad), siz ularning mollaridan bir qismini o‘zlarini poklab tozalaydigan sadaqa sifatida oling va ularning haqlariga duo qiling. Albatta, sizning duoingiz ular uchun orom-osoyishtalik bo‘lur. Alloh eshitguvchi, bilguvchidir.

Maryam surasi, 31-oyat:

وَجَعَلَنِي مُبَارَكًا أَيْنَ مَا كُنتُ وَأَوْصَانِي بِالصَّلَاةِ وَالزَّكَاةِ مَا دُمْتُ حَيًّا

Yana meni qayerda bo‘lsam barakotli qildi va modomiki, hayot ekanman, menga namozni va zakotni (ado etishni) buyurdi.