ЗАКОТ, ФИТР ВА ФИДЯ: НИМА? ҚАНЧА? КИМГА?
Posted on / by admin / in Uncategorized

ZAKOT, FITR VA FIDYA: NIMA? QANCHA? KIMGA?

Maʼlumki Ramazon oyida, asosan, uch turdagi moliyaviy ibodat amalga oshiriladi. Bular zakot, fidya va fitrdir. Quyida yana bir bor ushbu ibodatlar haqida maʼlumot berib o‘tmoqchimiz.

ZAKOT, FITR VA FIDYA: NIMA? QANCHA? KIMGA?

ZAKOT

Zakot dinimiz arkonlaridan biri bo‘lib, hur, aqliraso, balog‘atga yetgan, moli nisobga yetganiga bir yil to‘lgan musulmon shaxslar uchun farz bo‘lgan moliyaviy ibodatdir.

Nisob miqdori tillaning narxiga qarab har yili O’zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan e’lon qilinadi. Unga ko’ra so’nggi yillardagi 1 gramm tillaning o’rtacha narxi va nisob miqdori quyidagicha:

Yil

Oltin narxi (1 gramm)

Nisob miqdori

2018

188 235 so‘m

16 000 000 so‘m

2019

200 000 so‘m

17 000 000 so‘m

2020

250 000 so‘m

21 250 000 so‘m

2021

320 000 so‘m

27 200 000 so‘m

2022

400 000 so‘m

34 000 000 so‘m

2023

420 000 so‘m

35 700 000 so‘m

2024470 588 so‘m40 000 000 so‘m

Qurʼonda, zakot quyidagi sakkiz toifa kishilarga berilishi aytilgan: “Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchi (kofir)lar, (pul to‘lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo‘lida hamda yo‘lovchiga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli zotdir” (Tavba surasi 60-oyat).

Mana endi bu masalani batafsilroq ko‘rib chiqamiz:

1. Faqirlar – yeyish,  ichish, kiyishga  yetadigan  mablag‘i  bor,  lekin tasarruflaridagi mol-davlatlari nisobga yetmagan kishilar.

2. Miskinlar – o‘zbekcha aytganda “bechora”, yaʼni chorasiz, o‘ta kambag‘al kishilar;

3. Zakot yig‘uvchi kishilar. Bu toifa bugungi kunda bizning mamlakatimizda yo‘q deyish mumkin;

4. Is

lom diniga oshno qilinishi kerak bo‘lgan kishilar. Bugungi kunda boshqa dindagi kishilarni dinimizga daʼvat qilish maqsadida ularga zakot ulashish ortiqcha, deb to‘xtatib qo‘yilgan;

5. Qullarni ozod qilish uchun. Hozir quldorlik zamoni bo‘lmagani uchun, tabiiyki bunday toifa ham yo‘q;

6. Qarzini to‘lay olmay qolgan kishilar – qarz yukidan qiynalib qolganlar qarzdorlar;

7. Alloh yo‘lidagilar. Ayrim ulamolar tolibi ilmlarga zakot berilsa Alloh yo‘lida berilgan bo‘ladi, deb tafsir qilishadi;

8. Musofirlar. Musofir  o‘z  vatanida  boy  bo‘lsa-da, safardagilik chog‘ida, aytaylik, vataniga qaytib ketishi uchun mablag‘i bo‘lmay qolishi mumkin. Shuning uchun ham ularga zakot berish buyuriladi. Bugungi kunda koronavirus pandemiyasi tufayli davlatlar chegaralari, shaharlar, korxonalar, va o‘quv dargohlari karantinga yopilib minglab vatandoshlarimiz chet ellarda ishsiz, mablag‘siz qolib ketishdi, ana shunday paytda boy musulmonlarning zakotlari ularga juda asqotishi shubhasiz.

FITR

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasullulloh sollalohu alayhi va sallam fitr zakoti xurmodan bir soʼ, arpadan bir soʼ miqdorida musulmonlardan qulga ham, hurga ham, erga ham, ayolga ham, kichikka ham, kattaga ham farz qildilar. Uni odamlar namozga chiqishidan oldin ado etishga amr qildilar”. (Imom Buxoriy va Imom Muslim).

Fitr sadaqasi to‘rt narsadan chiqariladi. Ular bug‘doydan yarim soʼ, arpadan bir soʼ, mayizdan yarim soʼ va xurmodan bir soʼdir. Bir soʼ taqriban 4 kilogrammdir.

Shunga ko‘ra, bu yilgi FITR sadaqasining miqdori quyidagicha belgilandi:

2 kg bug‘doydan 8000 so‘m;

4 kg arpadan 12000 so‘m;

2

 kg mayizdan 70000 so‘m;

4 kg xurmodan 120000 so‘m.

Har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu to‘rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya.

Fitr sadaqasi arab tilida “Sadaqat ul-fitr” deb nomlanadi. Yaʼni fitr (hayit) kuning tongi ushbu sadaqani vojib bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Shunga ko‘ra fitr kuni tong vaqtda tug‘ilgan bolaga ham fitr sadaqasi vojib bo‘ladi. Tongdan keyin tug‘ilgan bolaga esa vojib bo‘lmaydi. Tong vaqti vafot bo‘lgan kishidan fitr sadaqasi soqit bo‘ladi, tongdan keyin vafot qilgan kishidan fitr sadaqasi soqit bo‘lmaydi.

Fitr sadaqasi ramazon ro‘zasini xato va kamchiliklardan poklaydi.

Fitr sadaqasini hayit kuni tong vaqtida berish vojib bo‘ladi. Ammo, avvalroq bersa ham joiz. Hayit namozidan keyinga qoldirmaslik kerak.

FIDYA

Qarilik sababli umuman ro‘za tutishga yaramaydigan, kundan-kunga jismonan zaiflashib borayotgan keksalar, hamda surunkali kasal bo‘lib, tuzalishiga umid bo‘lmagan bemorlarga shariatimiz ro‘za tutmaslikka izn beradi. Bu toifaga kiruvchi musulmonlar Ramazonning har bir kuni uchun fidya berishadi. Fidya beruvchilar xohlasalar, fidyalarining hammasini bir qilib, Ramazon oyining istalgan paytida berishlari ham mumkin.

Agar fidya bergan kishi keyinroq birdan quvvatga to‘lib, ro‘za tutishga kuchi yetadigan bo‘lib qolsa, tutmagan ro‘zalarining qazosini tutishi kerak bo‘ladi.

Milodiy 2020 yil (hijriy 1441 yil) uchun FIDYA miqdori bir miskinning bir kunlik oziq-ovqati barobarida bo‘lib, uning o‘rtacha qiymati 20 000 (yigirma ming) so‘m etib belgilandi.

Fitr sadaqasi va fidya zakotga haqdor bo‘lgan kishilarga beriladi.

Manba:

https://azon.uz/content/views/2020-yil-uchun-zakot-miqdori-belgilandi

https://azon.uz/content/views/uzbekiston-musulmonlari-idorasi-fatvo-ha

http://muslim.uz/index.php/component/k2/item/900-17-06-2016-zakot-moliyavij-ibodat

https://islom.uz/maqola/442