Zakot — mol egasining ixtiyoriy saxovati emas, balki Alloh taolo tomonidan mol-mulk egasiga yuklangan qat’iy majburiyatdir. Shu sababli zakot beruvchi shaxs zakotni faqat berish bilangina kifoyalanmaydi, balki uning maqsadini to‘g‘ri tushunish, ado etish uslubiga rioya qilish va natijasi uchun javobgar bo‘lish majburiyatini ham zimmasiga oladi.
Islom ulamolari bayon qilganidek, zakot beruvchining birinchi vazifasi — zakotdan ko‘zlangan maqsadni anglashdir. Zakotning maqsadi uch asosga borib taqaladi: Alloh taologa bo‘lgan muhabbatning rostligini sinash, qalbni halokatga olib boruvchi baxillikdan poklash va berilgan mol ne’matiga amaliy shukr qilish. Shuning uchun zakot beruvchi uni yoqtirmagan yoki keraksiz molidan emas, balki o‘zi qadrli sanagan molidan ado etishi lozim.
Qur’oni karimda bu majburiyat aniq ifoda etilgan:
“Ey iymon keltirganlar! O‘zingiz kasb qilgan narsalarning poklaridan infoq qilinglar va yomon narsalarni berishni ko‘zlamanglar…”
(Baqara surasi, 267-oyat)
Zakot beruvchining ikkinchi muhim majburiyati — riyokorlikdan saqlanish va faqirning izzatini muhofaza qilishdir. Zakotni oshkora qilish faqirni xor qilishga olib kelishi mumkin. Shu sababli, agar tuhmatdan qo‘rqilmasa, zakotni maxfiy ado etish afzal hisoblanadi. Faqirning qadr-qimmati zakot beruvchining obro‘sidan ustun qo‘yiladi.
Shuningdek, zakot beruvchi zakotni minnat va ozor bilan buzmasligi qat’iy talab etiladi. Chunki zakot berilayotgan paytda o‘zini ehson qiluvchi deb bilish — xato tushunchadir. Aslida faqir zakotni qabul qilish orqali Alloh taoloning mol egasiga buyurgan haqqini olmoqda. Bu haqiqatni Qur’on ochiq bayon qiladi:
“Sadaqalaringizni minnat va ozor bilan bekor qilmang…”
(Baqara surasi, 264-oyat)
Bu hadis zakot beruvchining mas’uliyati faqat berish emas, balki to‘g‘ri yo‘naltirish ekanini ko‘rsatadi. Zakot shariatda belgilangan toifalarga berilishi shart bo‘lib, bunday tartib zakotni kuchli ijtimoiy mexanizmga aylantiradi.
Zakot beruvchining yana bir majburiyati — zakotni qabul qiluvchining holatini e’tiborga olishdir. Qur’onda haqiqiy ehtiyojmandlar haqida shunday deyiladi:
“Ularni bilmagan kishi iffatlari sabab boy deb o‘ylaydi…”
(Baqara surasi, 273-oyat)
Shu bois zakot berishda faqirligini yashiradigan, qarzga botgan, og‘ir kasallikka chalingan yoki ilm ahlidan bo‘lgan kishilarga ustuvorlik berilishi ta’kidlangan. Qarindosh-urug‘larga berilgan zakot esa ikki fazilatni jamlaydi: zakot va silai rahm.
Zakot berish moliyaviy hisob-kitob bilangina cheklanib qolmaydi. U Allohga bo‘lgan itoatning amaliy ifodasi, insonning axloqiy yetukligi va zimmasidagi mas’uliyatni anglab ado etishidir. Zakot orqali mol-mulk poklanadi, qalb baxillikdan tozalanadi va jamiyatda adolatli muvozanat qaror topadi. Shu bois zakotni shariat talablariga muvofiq ravishda ado etish, uning asl maqsadini chuqur anglab yetish va uni haqiqiy egalarga, belgilangan tartibda yetkazish zakot beruvchi shaxs zimmasidagi muhim va ajralmas majburiyat hisoblanadi.

