Исломда мажбурий тўлов турлари
Posted on / by admin / in Uncategorized

Islomda majburiy to‘lov turlari

Zakot

Zakot – musulmonlarga farz qilingan moliyaviy ibodatdir. Zakot, mulkdorlarning yo‘qsillar oldidagi qarzi bo‘lib, bir yilda bir marta muayyan daraja – nisobga yetgan va zakot to‘lanadigan* mol-mulkining 2.5%ni ehtiyojmandlarga berish orqali amalga oshiriladi.

Ushr

Ushr kalimasi arabcha so‘z bo‘lib, o‘ndan bir degan maʼnoni bildiradi. Ushr dehqonchilik va bog‘dorchilik mahsulotlarining zakoti. Yaʼni hosil yig‘ilgan paytda uning o‘ndan birini yoki o‘ndan birning yarmini Alloh uchun shariat ko‘rsatgan tarzda ado etish farz bo‘ladi.

Ekin meva berganda undan yengiz va yig‘im-terim paytida ekinning haqqini bering”. (Anʼom, 141).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar:

Daryolar va bulutlar sug‘organ hosildan ushr beriladi, tuya bilan sug‘orilgan hosildan ushrning yarmi beriladi”. (Muslim rivoyati).

Demak, agar hosil yomg‘ir, sel, daryo, chashma, ko‘l suvlari kabi o‘zi oqib keladigan suvlar bilan sug‘oriladigan bo‘lsa o‘ndan bir, agar suvni tashib kelib yoki sotib olib, mehnat bilan sug‘oriladigan bo‘lsa, o‘ndan birning yarmi, yaʼni hosilning yigirmadan biri miqdorda zakot beriladi***.

Ushrning odatdagi zakotdan farqi shuki, bu yerda yil o‘tishi shart qilinmaydi. Balki hosil yig‘ilgan kuni ushr chiqarish vojib bo‘ladi. Agar yer bir yilda bir necha marta hosil bersa, shuncha marta ushr beriladi.

Fitr (fitr sadaqa)

Fitr – Ramazon hayiti namozi vaqti kirguncha har bir musulmon tomonidan muayyan kishilarga (yaʼni zakot olishi mumkin bo‘lgan toifalarga****) beriladigan, miqdori belgilab qo‘yilgan majburiy sadaqadir (ulamolar fitr sadaqasini Ramazon hayiti kuni hayit namozidan oldin berish afzal deyishgan).

O‘zi va ahli oilasining kunlik yeguligidan ortiqcha narsasi bo‘lgan kishi garchi moli zakotga yetmagan bo‘lsa ham fitr sadaqasini berishi vojib bo‘ladi. Zakotdan farqli o‘laroq, kishining zimmasida qarzi bo‘lishi ham uni fitr sadaqasini berishdan man qilmaydi. Fitr sadaqasi har bir yurtda keng isteʼmol qilinadigan ozuqa mahsulotlaridan chiqariladi. Masalan, bizda buni bug‘doy, guruch, un, mayiz, yog‘, go‘sht kabilardan chiqarsa bo‘ladi. Fitr sadaqasi har bir kishi uchun ko‘rsatib o‘tilgan yeguliklarning biridan bir soʼ (2040-3000 gramm) miqdorida chiqariladi. Fitr sadaqasining qiymatini, yaʼni, yegulikning o‘zini emas, uning pulini berish hanafiy mazhabiga ko‘ra joiz.

Ushbu sadaqa, Allohga shukr izhori, Ramazon ro‘zasini tutishda yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarni to‘ldiruvchi, hamda yo‘qsillarni xursand qiluvchidir.

Fidya

Shariatda buyurilgan maʼlum bir amal o‘rniga mol sarflash “fidya” deyiladi. Masalan, Ramazon oyi ro‘zasini o‘ta qarilik yoki tuzalmas kasallik tufayli tuta olmaydiganlar (yoki ularning yaqinlari) buning uchun fidya beradilar.

Fidya bir kambag‘alning bir kunlik o‘rtacha tirikchiligini taʼminlaydigan ovqat miqdori bo‘lib, uning hajmi taom yoki unga to‘g‘ri keladigan pul birligida belgilanadi (bunda har bir joyning iqtisodiy-maishiy shart-sharoitidan, urf-odatidan kelib chiqiladi). Har kunlik fidyaning miqdori fitr sadaqasi miqdorichadir.

Kafforat

Kafforatni ado qilish, farz bo‘lgan Ramazon ro‘zasini qasddan buzganda vojib bo‘ladi (bunda ro‘zaning qazosi ham tutiladi). Kafforat vojib bo‘lgan odam qul ozod qilishga (bu qoida quldorlik zamonlari uchundir) qodir bo‘lmasa, paydar-pay (yaʼni orasini uzmasdan) ikki oy ro‘za tutishi, bunga ham qodir bo‘lmasa oltmish miskinga taom berishi shart. Har bir miskinga bir mudd (1843 gramm) miqdorida taom beradi.

Kafforat, Ramazon ro‘zasini tutish davrida sabrsizlik qilgani uchun tarbiya chorasi bo‘lib, u bilan gunohkor kishiga gunohini yuvish imkoni beriladi, hamda miskinlarga yaxshilik qilinadi.

Qurbonlik

Hanafiy mazhabi bo‘yicha qurbonlik qilish hur, oqil, muqim***** va zakot nisobiga molik bo‘lgan musulmon shaxsga vojib amaldir. Qurbonlik vojibligiga dalillar:Alloh taolo “Kavsar” surasida: «Albatta, Biz senga Kavsarni berdik. Bas, Robbingga namoz o‘qi va jonliq so‘y», degan. Ulamolarimiz ushbu oyati karimadagi “namoz”dan murod, iydi qurbon namozi, “jonliq”dan murod qurbonlikka so‘yiladigan hayvon, deganlar. Qurbonlikning go‘shtidan 1/3 (uchdan biri)ni muhtojlarga berish tavsiya qilingan.

Mahr

“Mahr” aqdi nikoh yoki er‑xotinlik qilish barobarida ayol haqdor bo‘ladigan narsaning ismidir. Mahr turli nomlar bilan nomlanadi. Qurʼoni Karimda unga nisbatan “sadoq”, “sadaqa”, “ajr”, “fariyza”, “nihla” ismlari ishlatilgan (bizda “mahr” nomi bilan mashhur). Alloh taolo “Niso” surasida quyidagicha marhamat qiladi: «Ayollarga mahrlarini ko‘ngildan chiqarib bering» (4 chi oyat). Bu sharʼiy hukm kelinlarni hurmatlash va taqdirlashning ajoyib ko‘rinishidir.

Mahr berish farz amal hisoblanadi. Hatto shundayki, kelin-kuyov o‘zaro kelishib, ikkimiz ham rozimiz, bu hukmga amal qilmay qo‘yaveramiz, deyishga ham imkonlari yo‘q. Agar bilimsizlik oqibatida yoki boshqa sabablarga ko‘ra mahr belgilanmay, nikohlanib ketgan bo‘lsalar ham, keyin baribir mahr berilishi kerak. Hattoki, er mahrni berishdan oldin vafot etib qolsa ham, merosxo‘rlari mahrni ado etishlari lozim bo‘ladi. Ayol mahrni olganidan keyin uni nima qilsa o‘zi biladi, eriga qaytarib bersa ham o‘zining ishi.

Mahr pul bo‘lishi shart emas. Kiyim, taqinchoq yoki shunga o‘xshash mulk bo‘ladigan va halol narsa bo‘lsa joiz. Kuyov taraf o‘n dirham yoki uning qiymatidagi narsani berishi lozim******.

Nazr

Bir odam, shariat bo‘yicha shart bo‘lmagan, ammo maʼsiyat ham bo‘lmagan biror ishni, Allohga qurbat hosil qilish niyatida o‘ziga lozim qilib olishiga, nazr deb ataladi. Misol uchun, Alloh uchun faloncha so‘m sadaqa qilaman yoki Alloh uchun uch kun ro‘za tutaman, yoki biror unchalik to‘g‘ri bo‘lmagan amalni (masalan ko‘p gapirishni) bugundan boshlab boshqa qilmayman kabi. Nazr, uni qilishni o‘ziga lozim qilgan kishi uchun vojib amal hisoblanadi.

Qarz (qarzi hasan)

Qarz, kimdir foydalanishi va qaytarib berishi uchun berilgan mablag‘dir. Albatta qarzdor qarzini vaʼda qilingan kunda yoki iloji bo‘lsa undan oldinroq qaytarishi kerak. Olgan qarzini mol-mulkini sotib bo‘lsa ham uzishi shart, chunki qarzni to‘lashga qodir bo‘la turib uni o‘z vaqtida to‘lamaslik harom. Qarzni uzish zarurligi islomda shu qadar kuchli taʼkidlanganki, qarzdan qutilish uchun sadaqa yoki zakot so‘rashga ham izn berilgan. Chunki bu masala nafaqat moliyaviy, balki maʼnaviy majburiyatdir.

Noqonuniy yo‘llar bilan topilgan daromad

Noqonuniy, yaʼni shariatga zid ravishda topilgan daromad to‘lig‘icha xayriya ishlariga yo‘naltirilishi lozim, yaʼni shunday daromad orttirgan kishi undan o‘ziga hech qanday manfaat olishi mumkin emas. Shu bilan birga, noqonuniy yo‘l bilan topilgan daromad to‘lig‘icha xayriyaga yo‘naltirilsa ham bunday daromad topish haromdir.

Islom dinida xums va xaraj kabi yana bir qancha majburiy to‘lovlar mavjud, ammo bugungi kunda ular qo‘llanmayotganligi sababli, biz ular haqida maʼlumot bermadik.

* “nisob” – 85 gramm oltin qiymatiga tenglashtirilgan;

** yaʼni hojati asliya kabi zakot to‘lanmaydigan mulkdan tashqari bo‘lgan.

*** Shu aytilganlarga ko‘ra agar dehqon dalasini yomg‘ir, sel, daryo, chashma suvlari kabi o‘zi oqib keladigan suvlar bilan qiyinchiliklarsiz sug‘orib hosil olgan bo‘lsa, unda o‘ndan bir miqdor (yaʼni 100 tonnadan 10 tonna) mahsulotini ushr qilib beradi. Agar hosilini ko‘p mehnat bilan sug‘organ bo‘lsan, masalan suvni tashib kelib sug‘organ bo‘lsa, ushrning yarmini (yaʼni 100 tonnadan 5 tonnasini) beradi.

**** bu toifalar “Tavba” surasining 60-oyatida zikr qilingan;

***** Hanafiy mazhabi bo‘yicha musofirga qurbonlik qilish vojib emas;

****** Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda, «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «O‘n dirhamdan oz mahr yo‘q», – deganlar» (o‘n dirham bir dinorga, bir dinor esa zakot nisobining yigirmadan biri, yaʼni 4.25 gr.tillaga teng qiymatdir).